TIQXMMI yangiliklari

img
24.04.2024

Milliy qadriyatlar sayli

Toshkent shahridagi "Adiblar хiyoboni 23-aprel kuni erta tongdan milliy ko’rgazmalar maydoniga aylandi. Har bir OTM jamoalari turli viloyatlarning milliy urf-odatlari, milliy raqslari va kuy qo’shiqlari, shuningdek, milliy o’yinlarni yig’ilganlarga namoyish etishdi. Хiyobonning har bitta burchagida milliy kiyimlar va milliylik aks etgan badiiy davralar, ularda so’zanalar tikayotgan yoshi ulug’ ayollar-u, raqsga tushayotgan yigit-qizlar ayni viloyatga tushib qolgandek taassurot uyg’otadi.

Ayniqsa, Ma'naviy-ma'rifiy ishlar va Yoshlar masalalari bo‘yicha prorektorimiz Ro‘zimurod Choriyev ayricha tarzda, surxoncha libosu do‘ppida barchaning havasini keltirdi. Boshqa OTMlarga namuna sifatida ko’rsatildi ham.

 “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti jamoasi O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston xalq shoiri A.Oripov haykali atrofida Surxondaryo viloyatining milliy qadriyatlari aks etarkan, mazkur davraga yaqinlashishingiz bilan Surxon vohasining atmosferasini his etmasdan qolmaysiz.  Milliy kurash, milliy raqs va milliy taomlar yig’ilganlar ko’nglini yanada xushnud etdi. Milliy qadriyatlar sayli – chin ma’noda milliylikka tutilgan ko’zgu bo’la oldi.

Universitet matbuot xizmati