Loyiha doirasida ishlar davom etmoqda
02.11.2024

Biz nafas olayotgan atmosfera havosining tozaligi bevosita inson salomatligiga ta’sir qiladi va atrof-muhitdagi turli o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Ma’lumki kunlar sovishi bilan meteorologik holat (avvalambor atrof-muhit temperaturasi va shamol tezligi) atmosfera havosidagi iflosliklar xususan mayda uchuvchan (diametri 2.5 va 10 mikrondan kichik) zarrachalar (PM2.5 va PM10) ni tarqalib ketishini yomonlashtiradi. Mayda uchuvchan zarrachalar yonish bilan bog‘liq turli jarayonlar, atmosferada kechadigan fotokimyoviy reaksiyalar, shamol eroziyasi va boshqa sabablarga ko‘ra hosil bo‘ladi.
Katta shaharlarda transport vositalari atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biri bo‘lib, kuz kunlari xonadonlarni isitish tizimlarini ishga tushishi bilan havoni ifloslantiruvchi boshqa bir asosiy manba paydo bo‘ladi.
Ma’lum hududda atmosfera havosi sifatini yaxshilashda va uning inson salomatligiga salbiy ta’sirini pasaytirishda havo sifati o‘zgarishlarini kuzatish muhim o‘rin tutadi.
Universitetning Traktorlar va avtomobillar kafedrasida AQShning Dyuk universiteti bilan hamkorlikda atmosfera havosi sifatidagi o‘zgarishlarni o‘rganish maqsadida loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihada arzon datchiklar asosida yaratilgan qurilmalar yordamida havo sifatini real vaqt rejimida uzluksiz kuzatish imkon beruvchi tarmoq yaratish rejalashtirilgan.
Hozirgi kungacha Toshkent shahrida va atrofida, Buxoro va Nukus shaharlarida, Nurota va Forish tumanlarining qishloq hududlarida qurilmalarni o‘rnatish ishlarini to‘liq yakunlandi.
Qurilmalarning katta qismi Toshkent shahri va atrofida o‘rnatilgan bo‘lib geografik jihatdan shaharning barcha tumanlarini qamrab olgan.
Loyihada arzon datchiklar asosida yaratilgan bino ichida va tashqi muhitda ishlatiladigan qurilmalardan foydalanilmoqda. Qurilmalar oliy ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hududlariga, fuqarolar uyi hovlilari va xonadonlariga va boshqa joylarga o‘rnatildi. Qurilmalar real vaqt rejimida har 15 daqiqada atmosfera havosidagi PM2.5 va boshqa ko‘rsatkichlar o‘zgarishini ko‘rsatib turadi.
Universitetimizda havo sifati qurilmalaridan ikki dona o‘rnatilgan bo‘lib ulardan biri Axborot resurs markazining kitobxonlar zalida va ikkinchisi Y-laboratoriya binosi yonida havo sifati o‘zgarishlarini uzluksiz kuzatib boradi. Loyihada bu qurilmalardan olingan ma’lumotlarni universitet veb sayti orqali ko‘rish imkoniyatini yaratish ham rejalashtirilgan.
Loyiha rahbari, Traktorlar va avtomobillar kafedrasi mudiri M.Amonov axboroti





