Universitet haqida


1934 yilda tashkil etilgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institute” (TIQXMMI) Milliy tadqiqot universiteti muhandislik, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit fanlari bo‘yicha O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. 2021 yildagi Prezident PQ 42 qaroriga asosan milliy tadqiqot universiteti maqomini olgan muassasamiz hozirgi kunda ilmiy salohiyat, texnologik innovatsiya va xalqaro hamkorlik markaziga aylangan. 100 yilga yaqin tarixga ega ushbu muassasa suv, oziq-ovqat, iqlim va barqaror rivojlanish sohasidagi global muammolarga yechim topish maqsadida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab kelmoqda.


Missiya
Universitet suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, raqamli texnologiyalar va ekologik muhofaza, yer resurslarini boshqarish sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi. Universitetning maqsadi — barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish orqali jahonda tan olingan 1-toifali tadqiqot markaziga aylanish. 2030 yilgacha dunyodagi TOP-300 universitetlar qatoriga kirish, xalqaro akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish va Markaziy Osiyoda raqamli agrotexnologiyalar bo‘yicha yetakchi markazga aylanish kabi strategik maqsadlar belgilab olingan.


Akademik va Ilmiy salohiyat

TIQXMMI 40 dan ortiq bakalavr, 36 ta magistr va 21 ta doktorantura dasturlari hamda 15 ta malaka oshirish kurslarini taklif etadi. Barcha ta’lim dasturlari Yevropa kvalifikatsiya talablariga mos ravishda ishlab chiqilgan va mehnat bozori talablariga javob beradi. Universitet raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, suv diplomatiyasi va inklyuziv ta’lim bo‘yicha yangi kafedralarni tashkil etgan.

Universitetda 24 ta zamonaviy laboratoriya va 70 gektarli o‘quv-ilmiy markaz faoliyat yuritadi. Bular orqali aqlli sug‘orish, tuproqshunoslik, mexatronika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, sun’iy intellect, qishloq xo’jaligini avtomatlashtirish va aniq qishloq xo‘jaligi sohalarida tadqiqotlar olib boriladi. 2024 yilning o’zida 38 dan ziyod ilmiy loyiha amalga oshirilgan, natijada Scopus va Web of Science bazalarida maqolalar chop etilgan hamda xalqaro konferensiyalarda taqdimot qilingan.


Infratuzilma va Innovatsiyalar

So‘nggi yillarda infratuzilmani rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi: 2 ta talabalar turar joyi, raqamli kutubxona, IT inkubator, aqlli auditoriyalar va zamonaviy sport inshootlari foydalanishga topshirildi. Universitetda o‘z brendi ostida mini elektro traktor va agro-dron yaratildi.

Universitet 25 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalarida kafedra filiallariga, 16 ta maxsus laboratoriyalarga va 100 nafardan ortiq talabalar uchun ish beruvchi stipendiya dasturlariga ega. Fundamental va amaliy fanlar instituti faoliyati orqali AQSh, Germaniya, Xitoy va boshqa mamlakatlardagi vatandosh olimlar jalb qilingan.


Xalqaro e’tirof
Universitet 2025 yil QS xalqaro reytingida 547-o‘rinni, O‘zbekistonda esa 1-o‘rinni egalladi. Muhandislik va atrof-muhit sohalari bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 400 universiteti qatoriga kirgan. THE Impact va QS Sustainability reytinglari orqali iqlim o‘zgarishiga moslashuv va ta’lim sifatini oshirishda yetakchi o‘rinni egalladi.

Universitet 30 dan ortiq xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshirgan, 20 dan ziyod mamlakatlardan talabalar va olimlarni qabul qilgan. 2024 yilda Qozog‘istonning Olmata shahrida xalqaro filial ochildi, 2025 yilda esa Qirg‘izistonning Bishkek shahrida filial ochish rejalashtirilgan.


Kelajak strategiyasi

Universitet 2030 yilgacha quyidagi maqsadlarni belgilab olgan:

·        Dunyo universitetlari TOP-300 ro‘yxatiga kirish

·        Yevropa va Osiyo oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish

·        Ta’lim va boshqaruvni raqamlashtirish, sun’iy intellekt va Meta-Universe texnologiyalarini joriy etish

·        Barcha ta’lim yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish

·        Universitet jurnallarini Scopus/Web of Science bazalarida indekslash

·        Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi, oziq-ovqat tizimlari va raqamli agrotexnologiyalar markaziga aylanish

TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti barcha izlanayotgan yoshlar, olimlar va hamkorlarni ilmiy, ta’lim va innovatsiya asosida barqaror kelajakni birgalikda qurishga taklif etadi.