Universitet haqida
1934 yilda
tashkil etilgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
muhandislari institute” (TIQXMMI) Milliy tadqiqot universiteti muhandislik,
qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit fanlari bo‘yicha O‘zbekistonning yetakchi oliy
ta’lim muassasasi hisoblanadi. 2021 yildagi Prezident PQ 42 qaroriga asosan
milliy tadqiqot universiteti maqomini olgan muassasamiz hozirgi kunda ilmiy
salohiyat, texnologik innovatsiya va xalqaro hamkorlik markaziga aylangan. 100
yilga yaqin tarixga ega ushbu muassasa suv, oziq-ovqat, iqlim va barqaror
rivojlanish sohasidagi global muammolarga yechim topish maqsadida yuqori
malakali mutaxassislarni tayyorlab kelmoqda.
Missiya
Universitet suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, raqamli
texnologiyalar va ekologik muhofaza, yer resurslarini boshqarish sohalarida
yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi. Universitetning maqsadi — barqaror
rivojlanishga hissa qo‘shish orqali jahonda tan olingan 1-toifali tadqiqot
markaziga aylanish. 2030 yilgacha dunyodagi TOP-300 universitetlar qatoriga
kirish, xalqaro akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish va Markaziy
Osiyoda raqamli agrotexnologiyalar bo‘yicha yetakchi markazga aylanish kabi
strategik maqsadlar belgilab olingan.
Akademik va
Ilmiy salohiyat
TIQXMMI 40
dan ortiq bakalavr, 36 ta magistr va 21 ta doktorantura dasturlari hamda 15 ta
malaka oshirish kurslarini taklif etadi. Barcha ta’lim dasturlari Yevropa
kvalifikatsiya talablariga mos ravishda ishlab chiqilgan va mehnat bozori
talablariga javob beradi. Universitet raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt,
suv diplomatiyasi va inklyuziv ta’lim bo‘yicha yangi kafedralarni tashkil
etgan.
Universitetda
24 ta zamonaviy laboratoriya va 70 gektarli o‘quv-ilmiy markaz faoliyat
yuritadi. Bular orqali aqlli sug‘orish, tuproqshunoslik, mexatronika, qayta
tiklanuvchi energiya manbalari, sun’iy intellect, qishloq xo’jaligini
avtomatlashtirish va aniq qishloq xo‘jaligi sohalarida tadqiqotlar olib
boriladi. 2024 yilning o’zida 38 dan ziyod ilmiy loyiha amalga oshirilgan,
natijada Scopus va Web of Science bazalarida maqolalar chop etilgan hamda
xalqaro konferensiyalarda taqdimot qilingan.
Infratuzilma
va Innovatsiyalar
So‘nggi
yillarda infratuzilmani rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi: 2 ta
talabalar turar joyi, raqamli kutubxona, IT inkubator, aqlli auditoriyalar va
zamonaviy sport inshootlari foydalanishga topshirildi. Universitetda o‘z brendi
ostida mini elektro traktor va agro-dron yaratildi.
Universitet
25 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalarida kafedra filiallariga, 16 ta maxsus
laboratoriyalarga va 100 nafardan ortiq talabalar uchun ish beruvchi stipendiya
dasturlariga ega. Fundamental va amaliy fanlar instituti faoliyati orqali AQSh,
Germaniya, Xitoy va boshqa mamlakatlardagi vatandosh olimlar jalb qilingan.
Xalqaro
e’tirof
Universitet 2025 yil QS xalqaro reytingida 547-o‘rinni, O‘zbekistonda esa
1-o‘rinni egalladi. Muhandislik va atrof-muhit sohalari bo‘yicha dunyoning eng
yaxshi 400 universiteti qatoriga kirgan. THE Impact va QS Sustainability
reytinglari orqali iqlim o‘zgarishiga moslashuv va ta’lim sifatini oshirishda
yetakchi o‘rinni egalladi.
Universitet
30 dan ortiq xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshirgan, 20 dan ziyod
mamlakatlardan talabalar va olimlarni qabul qilgan. 2024 yilda Qozog‘istonning
Olmata shahrida xalqaro filial ochildi, 2025 yilda esa Qirg‘izistonning Bishkek
shahrida filial ochish rejalashtirilgan.
Kelajak
strategiyasi
Universitet
2030 yilgacha quyidagi maqsadlarni belgilab olgan:
·
Dunyo universitetlari TOP-300
ro‘yxatiga kirish
·
Yevropa va Osiyo oliy ta’lim
muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish
·
Ta’lim va boshqaruvni
raqamlashtirish, sun’iy intellekt va Meta-Universe texnologiyalarini joriy
etish
·
Barcha ta’lim yo‘nalishlarini xalqaro
akkreditatsiyadan o‘tkazish
·
Universitet jurnallarini Scopus/Web
of Science bazalarida indekslash
·
Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi,
oziq-ovqat tizimlari va raqamli agrotexnologiyalar markaziga aylanish
TIQXMMI
Milliy tadqiqot universiteti barcha izlanayotgan yoshlar, olimlar va hamkorlarni
ilmiy, ta’lim va innovatsiya asosida barqaror kelajakni birgalikda qurishga
taklif etadi.