Yevropa Ittifoqi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirish tajribasi
30.04.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ–2909-sonli “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, 2021-yil 10-dekabrdagi PQ–42-sonli “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash doirasida oliy ta’lim muassasalarida va xususan universitetimizda xalqaro malaka oshirish dasturlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu asosda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi dotsenti D.Atakulov Slovakiya Texnika Universiteti (Slovenská technická univerzita, Bratislava)da malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
Malaka oshirish davomida Slovakiya Texnika Universitetining Qurilish fakulteti tajribali professor-o‘qituvchilarning ma’ruza, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida ishtirok etib zamonaviy dasturlar, innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishmoqda. Xususan, kafedra mudiri, professor Andrey Sholtez va dotsent Dana Barokovalarning “Gidravlika” va “Gidromexanika” fanlari bo‘yicha darslarni tashkil etilishida qo‘llanilayotgan yangi metodikalari yaxshi taassurot qoldirmoqda. Jumladan dars jarayonlarida zamonaviy modellashtirish vositalari, raqamli laboratoriya jihozlari va interaktiv metodik yondashuvlar qo‘llanilayotgani ilg‘or Yevropa ta’lim tajribasini bevosita amaliyotda o‘rganish imkonini bermoqda.
Malaka oshirish davomida talabalar bilan ishlash metodikasi ham alohida e’tiborga loyiq tajriba bo‘lmoqda. Jumladan, talabalarning darsga tayyorgarligi, savol-javob va guruhiy muhokamalar asosida baholanishi, ularning amaliy topshiriqlarni bajarishdagi faolligiga qarab differensial yondashuv qo‘llanilishi yangi amaliy ko‘nikmalarni shakllantirmoqda. Baholash mezonlarining shaffofligi, talabaning individual yondashuv asosida o‘zlashtirishini inobatga olgan holda qayd etilishi, o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi namoyon bo‘lmoqda.
Mazkur malaka oshirish kurslarida ilmiy-tadqiqot ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Gidravlika va muhandislik gidrologiyasi sohasida Slovakiya Texnika Universitetida erishilgan yutuqlar, tadqiqot olib borish metodikasi, texnika va texnologiyalari bilan tanishib kelajakda hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish rejalari tuzilmoqda. Ilmiy seminar, laboratoriya tajribalari, raqamli gidrodinamik modellashtirish va ekologik monitoring bo‘yicha izlanishlarda ishtirok etmoqda.
Mazkur malaka oshirish tajribasi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va muhandislik ta’limini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik faoliyatining muhim natijasi bo‘lishiga umid qilamiz.
Universitet matbuot xizmati







