Universitetimizda Belarusning MTZ laboratoriyasi tashkil etiladi
30.04.2025

Bugun “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida Belarus Respublikasi Minsk traktor zavodi “MTZ” MDX davlatlari bo‘yicha boshqarma bosh direktori o‘rinbosari Suroves Aleksandr Anatolevich, hamda O‘zbekistondagi “Agromax Technic” MCHJ bosh direktori Ilhom Xolmurodov bo‘ldilar.
Uchrashuv davomida universitet rahbariyati bilan ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi. Uchrashuv jarayonida MTZ zavodi hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti huzurida MTZ o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha taklif ilgari surildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida yaqin kunlarda hamkorlik memorandumi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mazkur uchrashuv universitetimizda sanoat bilan uzviy bog‘liq, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.









