Shihezi universitetida xalqaro yozgi maktab o‘z Ishini boshladi
17.07.2025

2025-yilning 16-iyul sanasidan boshlab, Xitoy Xalq Respublikasining Shihezi Universitetida tashkillashtirilgan xalqaro yozgi maktab o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu yozgi maktab 30-iyulgacha davom etadi va ilmiy-akademik almashinuv hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Yozgi maktabda universitetimizdan bir guruh iqtidorli talabalar, magistrantlar hamda tayanch doktorantlar ishtirok etmoqda. Bugun yozgi maktabning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitetimiz vakillari faol ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy qiziqishlari va loyihalari bilan xorijiy hamkasblar e’tiborini qozondi.
Mazkur xalqaro tashabbus nafaqat talabalarimizning akademik salohiyatini oshirish, balki ularning madaniy bilim va ko‘nikmalarini boyitishda, shuningdek, boshqa davlatlar talabalari bilan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Universitetimiz talabalari uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar kelgusida ham ilmiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va global ta'lim makoniga integratsiyalashish yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.





