RE.ACT FORUM 2025: Markaziy Osiyoda suv-energetika integratsiyasi bo‘yicha hamkorlik
23.07.2025

2025-yil 21-iyul kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida muhim xalqaro tadbirlardan biri — “RE.Act Forum 2025: A Water-Energy Nexus Partnership for Higher Education in Central Asia” muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Forum Markaziy Osiyoda suv va qayta tiklanuvchi energiya resurslari integratsiyasi orqali barqaror rivojlanish sari yo‘nalgan hamkorlikni mustahkamlash, oliy ta’lim tizimining rolini kuchaytirish va innovatsion yechimlarni ilgari surish maqsadida tashkil etildi. Seminar ishida Germaniyaning Ingolshtat amaliy fanlar universiteti-THI (Technische Hochschule Ingolstadt), Qirg‘iziston Respublikasining Norin davlat universiteti - NSU, va TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti olimlari va talabalari, Energetika vazirligi, xususiy sektor va hamkor tashkilot vakillari ishtirok etdilar. Xalqaro seminar davomida alohida “ReAct” xalqaro hamkorlik loyihasi vazifalariga kiruvchi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi oliy ta’lim muassasalari vakillari o‘rtasida tajriba almashuvi, o‘quv rejasi va dasturlarini hamkorlikda rivojlantirish va uyg‘unlashtirish, mahalliy va mintaqaviy darajadagi ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash hamda energiya tizimlari va qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha o‘quv dasturlarining rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Forumning asosiy maqsadlari:
- Suv va energetika tizimlarining integratsiyasini ta’minlash orqali barqaror kelajakka hissa qo‘shish;
- Markaziy Osiyo mamlakatlari oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish;
- Talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun yangi o‘quv va amaliy imkoniyatlar yaratish;
- Xususiy sektor bilan ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash;
- Iqlim o‘zgarishiga moslashgan energiya siyosatlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
“RE.Act Forum 2025” — mintaqada suv va qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi ilmiy salohiyatni birlashtirgan, amaliy tajriba almashuvi, muloqot va hamkorlikka zamin yaratgan muhim ilmiy platforma bo‘ldi. Tadbir doirasida ko‘plab kelgusidagi hamkorlik tashabbuslari muhokama qilindi hamda o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti ushbu kabi ilmiy-amaliy forumlar orqali nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda barqaror rivojlanish masalalarida yetakchi ilmiy platformaga aylanmoqda.
Shuningdek, forum doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida xalqaro hamkorlik doirasida tashkil etilgan “Summer School 2025” yozgi maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu yozgi maktab ishtirokchilarga suv va energetika integratsiyasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, barqaror rivojlanish strategiyalari hamda xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘nalishlarida chuqurlashtirilgan nazariy va amaliy bilimlarni taqdim etishni maqsad qilgan.
“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi
Universitet matbuot xizmati







