Dolzarb 90 kun shukuhi bilan

25.07.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik


 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-may kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimiz bo‘ylab “Dolzarb 90 kun” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari o‘tkazilmoqda.

  Shu munosabat bilan 2025-yil 24-iyul kuni Bekobod tumanidagi Madaniyat saroyida "Har maktabga 100 kitob" shiori ostida kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Abdulla Oripov kitoblari xususida so‘z bordi. Zalda jamuljam bo‘lgan bekobodlik ziyolilar, pedagoglar va maktab direktorlari ochiq chehra, tabassum va mamnuniyat bilan olqishlashdi. 

  Tadbirda O‘zbekiston Mudofaa vazirining vatanparvarlik targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon O‘sarov, Qahramon shoir Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa opa Mustafoyeva va qizlari Ruxsora, Biznesni rivojlantirish bankining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, "Shuhrat" medal va "Do‘stlik" ordeni sovrindori, iqtidorli shoir, faol jurnalist Shuhrat Oripov, Intellektual mulkni himoya qilish palatasining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, yuridik fanlari doktori, professor Boboqul Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining Davlat tilida ish yuritish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Dadaxon Muhammadiyevlar ishtirok etib o‘z mulohazalarini bildirishdi. 

  Tadbirni Bekobod tumani hokimi Zaynulobiddin Shaxobiddinovich Nizomiddinov o‘z kirish so‘zlari bilan ochib poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirib barchaning nomidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni 68 yoshlari bilan muborakbod etdi. 

  Tadbirda moderatorlik qilgan "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti rektorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, professor Rahimboy Jumaniyozov tumandagi 62 ta maktabga 100 tadan kitoblar taqdim etilganini, bu tashabbus yakunlangani, endilikda ma’rifiy harakat mahallalar bilan davom etishi rejalashtirilayotganini qayd etdi. Shuningdek, Prezidentimiz o‘zlari tahsil olgan va ma’lum muddat xizmat faoliyatini yuritgan sobiq TIQXMMI, hozirgi milliy tadqiqot universiteti jamoasi uchun O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ijodi va hayotini o‘rganish hamda ommalashtirishni biriktirib qo‘yganligini ham e’tirof etdi. Ta’lim-tarbiyada tanaffus bo‘lmasligi xususidagi prezidentimiz mulohazalarini ham uqtirdi. 

  Maktab jamoalari uchun mutasaddilar tomonidan poytaxtdan keltirilgan kitoblar jamlanmasi tantanali tarzda tarqatildi. 

  Tadbirning ikkinchi qismida O‘zbekiston respublikasi Qurolli kuchlari Markaziy ashula va raqs ansamblining iqtidorli san’atkorlari o‘z san’atini namoyish etishdi. 

  Tadbirning mazmundor va zavq-u shavqqa boy tarzda o‘tganini bekobodlik ziyolilarning, mahalliy aholining yuz-u ko‘zlaridagi quvonch va mamnunlikdan anglab olish qiyin emas edi.

Universitet matbuot xizmati