Do‘stlikdan qudratli kuch yo‘q jahonda

30.07.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

(Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigini o‘qib) 

  • Do‘stlikdan qudratli kuch yo‘q jahonda 
  • U topar qiymatin, umrin har jonda. 
  • Chegara bilmagay makin makonda 
  • Do‘stlikning qudrati ishonch, iymonda. 

  Darhaqiqat, ishonch va iymon bilan bog‘langan do‘stlik imoratining poydevori kuchli, do‘stlik daraxtining tomiri mustahkam bo‘ladi. 

  Yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa bo‘lib, bugun – Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha ma’no-mazmun va an’analarga ega bo‘lib borayotgani diqqatga sazovor ekanini Prezidentimiz alohida ta’kidlab, mamlakatimizda yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan millat va elatlar vakillarini samimiy muborakbod etdi. 

  Tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib borayotgan vatanimizda xalqlar do‘stligi g‘oyasi ulkan ma’no-mazmun kasb etgani rost. 

  Insoniyat tarixida do‘stlik, hamjihatlik va tinchlik g‘oyasi hamisha barcha ezgu harakatlarning asosi bo‘lib kelgan. Xususan, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik g‘oyasi — millatlar, elatlar va dinlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni ta’minlovchi beqiyos ma’naviy asosdir. Bu g‘oya nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki bugungi globallashuv davrida ham uning ahamiyati va hayotiy zarurati tobora ortib barmoqda. 

  Dastavval, Xalqlar do‘stligi — insoniy ma’naviyat mezoni ekanini ta’kidlash o‘rinlidir. 

  Xalqlar do‘stligi — bu xalqlarning bir-biriga nisbatan ishonch, hamdillik va birodarlik tuyg‘ulari asosida yashashiga olib keluvchi g‘oyadir. Bu g‘oya nafaqat siyosiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlaydi, balki millatlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, insonparvarlik ruhini singdiradi. Ulug‘ mutafakkirlarimiz ham insonning inson bilan munosabatida insof, muhabbat va hurmat mezonlarini belgilab berganlar. Xususan, Alisher Navoiy “Muhabbatsiz dunyo asli xarobdur” deya bejiz aytmagan.

  O‘zbekiston misolida xalqlar do‘stligi siyosatini anglash qiyin emas. 

  Mustaqil O‘zbekistonda xalqlar do‘stligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari bir oiladek yashab, teng huquqli fuqaro sifatida mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etishmoqda. Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik davlatimiz ichki siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida mustahkamlanib kelmoqda.

  Bunday siyosatning samarasi sifatida, misol uchun, “Do‘stlik uylari”, milliy madaniyat markazlari faoliyati, turli millat vakillari o‘rtasidagi an’anaviy madaniy festivallar, adabiy kechalar va “Xalqlar do‘stligi” kuni kabi tadbirlar yurtimizda yashayotgan barcha millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlamoqda.

  Tarix va kelajak o‘rtasidagi bog‘liqlik ham ana shu g‘oya bilan bog‘liq. 

  Xalqlar do‘stligi g‘oyasi nafaqat bugungi kunni, balki kelajakni ham barpo etishda muhim poydevordir. Birdam va hamjihat jamiyatda tinchlik va farovonlik qaror topadi. Shunga ko‘ra, bu g‘oyani bolalar ongiga yoshlikdan singdirish, ta’lim-tarbiya tizimida insonparvarlik, bag‘rikenglik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni asosiy qadriyat sifatida targ‘ib qilish jamiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

  Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, bu yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilib, ularning imkoniyatlari birlashtirilib, tizimli va keng miqyosda ish olib borilmoqda.

  Birgina misol – mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishmoqda.

  Biz o‘zining halol mehnati, vatanparvarlik fazilatlari bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida turli mas’ul lavozimlarda chin dildan mehnat qilishmoqda, fidokorona xizmatlari uchun Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lishmoqda. Ularning orasida deputat va senatorlar, taniqli ishlab chiqarish vakillari, tadbirkorlar, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat, adabiyot, san’at va sport namoyandalari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

  O‘z taqdiri va kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lagan bunday oliyjanob yurtdoshlarimiz tarixiy vatanlari bilan mamlakatimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda ham alohida namuna ko‘rsatishmoqda.

  Shuningdek, Prezidentimiz o‘z tabrigida milliy-madaniy markazlarning barchamiz uchun umumxalq bayramlariga, go‘zal qadriyatlarga aylanib ketgan Navro‘z va Mustaqillik tantanalari, boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda doimo faol ishtirok etib kelishayotgani ham tahsinga loyiqligini alohida ta’kidlab o‘tdi. 

  Prezidentimiz “So‘nggi yillarda qat’iy siyosiy irodamiz bilan mintaqamizdagi qardosh davlatlar bilan do‘stona aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarilib, dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bo‘lgani barchamizning umumiy yutug‘imiz”-ekanini ham e’tirof etdi. 

  Shu yil mart oyida O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari o‘zaro tutashgan nuqtada “Do‘stlik” strelasi o‘rnatilgani o‘rtamizdagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.

  Eng katta boyligimiz,- deydi davlatimiz rahbari, – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirishdir. 

  O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qat’iy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etarkanmiz, bu istiqbol sadosi, davlatimiz rahbarining da’vatidir. 

  Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Xalqlar do‘stligi — bu faqat shior emas, balki umrboqiy, ezgu va hayotiy ahamiyatga ega g‘oyadir. U insoniyatning barqaror rivojlanishi, tinchligi va kelajak taraqqiyoti uchun zaruriy ruhiy-ma’naviy asosdir. Ushbu g‘oyani qadrlash va uning mohiyatini har bir inson qalbiga jo etish — bugungi va ertangi kunning eng ulug‘ vazifalaridan biridir.

Rahimboy Jumaniyozov, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, universitet matbuot kotibi