Konstitutsiya hamda jadidlar taqdiriga bag‘ishlangan ma’ruza o‘tkazildi
08.12.2025
5-dekabr kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Tarix yo‘nalishi talabalari ishtirokida “Gumanitar fanlar” kafedrasi tashabbusi bilan “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” hamda “Tanilmagan jadidlar taqdiri: Milliy o‘zlik va istiqlol g‘oyalari” mavzusida sayyor ma’ruza o‘tkazildi.
Ma’ruzani O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari doktori (DSc) Mamatkulov Davlatjon Maxammatovich hamda shu kafedraning dotsenti Qoraboyev Abdulaziz Abdurahmonovichlar olib bordi.
Tadbir davomida Konstitutsiyaning inson huquqlari, erkinlik va adolat tamoyillarini mustahkamlashdagi o‘rni, farovon jamiyat barpo etishdagi ahamiyati haqida fikr yuritildi. Shu bilan birga, tarix sahifalarida unchalik yorqin ko‘rinmagan, ammo milliy uyg‘onish va istiqlol g‘oyalari uchun jon fido qilgan tanilmagan jadidlarning taqdiri, ularning ma’rifat, ozodlik va milliy o‘zlikni tiklash yo‘lidagi fidoyiligi haqida ma’lumotlar berildi.
Ma’ruzada jadidlar ilgari surgan ma’rifat, erkin fikr, milliy o‘zlikni anglash kabi g‘oyalar bugungi Konstitutsiyada o‘zining huquqiy ifodasini topgani ta’kidlandi. Tadbir talabalarning tarixiy ongini boyitish, huquqiy madaniyatini oshirish va istiqlol g‘oyalarini chuqur anglatishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Universitet matbuot xizmati