Dual ta’lim amalda
11.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-42 sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qarorning 2-bandida gidroenergetika, yashil iqtisodiyot, yashil energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda raqamli texnologiyalar tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli muhandis kadrlarni tayyorlash kerakligi belgilangan.
Yuqoridagi qaror ijrosini o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirish maqsadida 2025-yil 10-dekabr kuni “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi o‘qituvchisi Sh.Jumanazarov va laboratoriya mudiri M.Fayzullayevlar boshchiligida “Energetika muhandisligi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabalarining ekskursiyasi “Toshkent GESlar kaskadi” UK “Bo‘zsuv” GESida tashkil etildi.
Ekskursiya avvalida “Bo‘zsuv” GESining mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yetakchi muhandisi M.Mirsaidov ishtirokida talabalar texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng GES boshlig‘i D.Bobokalonov talabalarga GES ning ishlash jarayoni, undagi asosiy va yordamchi qurilmalar hamda ularning ishlash prinsipi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Bundan tashqari 1-sonli GES Bo‘zsuv muzeyiga tashrif amalga oshirildi.
Mazkur amalga oshirilgan ekskursiya talabalarning nazariy olayotgan bilimlarini amaliyotda ko‘rish orqali yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot beruvchi “ET va QTEM” kafedrasi laboratoriya mudiri M.Fayzullayev