O‘zbekiston Davlat madhiyasi — milliy g‘urur va ruhiyat ramzi

11.12.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Insoniyat yaralibdiki, so‘z va musiqaga e’tibori yuqori bo‘lgan. Chunki har ikkalasi ham inson ruhiyati va kayfiyatiga ta’sir etuvchi mo‘jizaviy kuch. U o‘ylantiradi, ruhlantiradi, g‘ururlantiradi, umidlantiradi va ishontiradi. Xuddi shu fikrni uzukka ko‘z-u qosh qo‘ygandek so‘z va kuy mosligida yaratilgan davlatimiz madhiyasi haqida ham aytish mumkin. 

  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11 sessiyasida 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan Davlatimiz madhiyasi xalq shoiri Abdulla Oripov so‘zi hamda Mutal Burhonov musiqasi uyg‘unligida yaralgan madhiyamiz xalqimiz boyligi, tabiati va tiynatiga xos ulug‘vorlik, viqor ramzi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda Vatanimiz qudrati va xalqimizga xos matonat, bag‘rikenglik, mehridaryolik, iymon-e’tiqod va sadoqat o‘zining chinakam ifodasini topgan. 

  Madhiya boshidanoq qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib kuylashga tutinarkansiz, serquyosh, hur o‘lkaning, xalqimizning baxt-saodati va najotkori bo‘lgan ona  Vatan bilan g‘ururlanasiz. Maslakdosh, tinchliksevar xalqlar bilar hamkor, mehribon bo‘lgan xalqning shuhrati va qudrati ilm, fan, ijod bilan bog‘liq ekanini anglab etasiz. 

  Ulug‘ va qutlug‘ maqsadlarning ro‘yobini ta’minlashda, fan, madaniyat va san’at beshigini tebratgan mutafakkir allomalarimiz - ajdodlarimizning mardona ruhi yor bo‘layotgani kuch-quvvat va shon-shavkatimiz manbaidir degan xulosaga kelasiz. O‘zbek xalqining ulug‘ligi, yosh avlodga bo‘lgan mehri, iymoni tinchlik posboni bo‘lgan haqsevar ona vatanimizning ozod va obodligidandir. 

  Buyuk va yorug‘ kelajakni ko‘ra olish azmi qat’iy, metin irodali, temir intizomli xalqimizga, shuningdek, uning rivoji va roziligi uchun tinimsiz kurashayotgan, oqilona siyosat va istiqbolli islohotlarni amalga oshirayotgan yo‘lboshchimizga daxldorligini his etmaslik aslo, mumkin emas. 

  Jahonga yuz tutgan, dunyo tan olgan mamlakatimiz aholisining ong-tafakkuri keskin o‘zgargani, yangi O‘zbekistonga, Uchinchi renessans davriga dadil qadam qo‘yilgani, xalqimizning yurt qismati va vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgani buning isbotidir.

  Madhiyadagi ishonch, orzu va armonlarning ushalayotgani buning kafolatidir. 

Rahimboy Jumaniyozov universitet matbuot kotibi, professor