“Biz giyohvandlikka qarshimiz” va “Kiberjinoyatchilikni oldini olish” mavzusida tadbir o‘tkazildi
11.12.2025
Joriy yilning 11-dekabr sanasida Energetika fakulteti tomonidan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning oldini olish va axborot makonida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi. Tadbirda Yunusobod tumani 5-son IIB profilaktika inspektori, katta leytenant Jo‘rayev Bobur Tolibjonovich, kiberxavfsizlik bo‘limi katta leytenantlari Mo‘minov Oybek va Ibragimov Boburlar ishtirok etib, mavzular doirasida ma’ruzalar taqdim etdilar. Uchrashuvda fakultet professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar qatnashdi. Ma’ruzalar davomida giyohvandlik vositalarining sog‘liq uchun jiddiy xavflari, ularning ijtimoiy va huquqiy oqibatlari, yoshlarni zararli illatlardan himoyalashda ota-ona, ta’lim muassasalari va jamoatchilikning mas’uliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan davlat siyosati va amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar haqida ham tushuntirishlar o‘tkazildi. Shuningdek, kiberjinoyatchilikning zamonaviy ko‘rinishlari — internet firibgarligi, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy egallash, zararli dasturlar tarqatish va raqamli makonda sodir etilayotgan boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Ma’ruzachilar tomonidan talabalarga kiberxavfsizlik qoidalariga rioya etish, shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash, elektron resurslardan mas’uliyatli foydalanish va internetda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Tadbir davomida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, mavzularga oid savollarga batafsil javoblar berildi. Uchrashuv yakunida giyohvandlikning oldini olish va kiberjinoyatchilikka qarshi kurash yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarini tizimli ravishda davom ettirishga kelishib olindi. Mazkur tadbir Energetika fakulteti jamoasi tomonidan yoshlar ongida huquqiy madaniyatni oshirish, ularni zararli odatlardan ogohlantirish va raqamli xavfsizlik bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
“Energetika” fakulteti tyutori B.Abdullayev axboroti
Universitet matbuot xizmati