Abituriyentlar uchun oliy ta’limga kirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi

22.09.2025

  O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoni tasdiqlandi.

Unga ko‘ra:

  • ➖bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida vakant qolgan o‘rinlar uchun tanlov o‘tkaziladi. Bunda 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tanlamagan abituriyentlarga ham imkoniyat yaratiladi;
  • ➖kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirish imkoniyati yaratiladi;
  • ➖respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmalari tasdiqlandi;
  • ➖Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun qo‘shimcha grant va to‘lov-kontrakt o‘rinlari ajratildi.

  Shuningdek, Prezident granti uchun ajratilgan kvotalarning ta’lim sohalari bo‘yicha taqsimoti hamda davlat oliy ta’lim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga tanlov natijalari tasdiqlandi.

  Mazkur qaror abituriyentlar uchun oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va yoshlarni oliy ta’lim bilan  qamrab olish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

  Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari vakant o‘rinlariga qo‘shimcha qabul 25-sentyabrdan 3-oktyabrga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi

  O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida vakant qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha qabul amalga oshiriladi.

  Unga ko‘ra, 2025-yilgi kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tanlamagan abituriyentlarga quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:

  • 🟢davlat oliy ta’lim tashkilotlarida qolgan vakant bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga tanlovda ishtirok etish uchun 2025-yil 25-sentyabrdan 3-oktyabrga qadar (shu kuni ham) my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi;
  • 🟢ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda vakant o‘rinlarga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi;
  • 🟢ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fanlar majmuasi mos bo‘lgan bakalavriat yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi;
  • 🟢tanlov natijalari bo‘yicha qaydnomalar 2025-yil 8-oktyabrga qadar chop etilib, tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga talabalikka qabul qilish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.

  Umumiy qabul parametrlarida vakant o‘rinlar qolgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

  Joriy yil tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori OTM rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilanadi

  Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha qabul qilishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini rektor (direktor) tomonidan mustaqil belgilash quyidagi tartibda amaliyotga joriy etiladi:

  • ➖qabul chegaralariga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari (1-ilova 73-band)ga asosan belgilanadi;
  • ➖qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy to‘lov-kontraktning 3,0 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

  Barcha oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan 2025-yil 25-sentyabrga qadar 2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlanadi va rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

  2025/2026-o‘quv yili qabulida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga bir yillik o‘qitish qiymatining 50 foizini 2025-yilning 31-oktyabrga qadar (shu kuni ham) to‘lashga ruxsat beriladi.

  Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘z xohishlariga ko‘ra ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga ruxsat berildi (maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinganlar bundan mustasno).