Koreya–O‘zbekiston DEISC markazida yangi imkoniyatlar: koreys tili, Pre-IELTS va start up loyihalar

19.09.2026

#Ta`lim

Joriy yilning 19-sentaybr sanasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Xalqaro Kasbiy Ta’lim Markazi huzuridagi DEISC (Digital Education & Innovation Support Centre) markazida talabalar uchun koreys tili va Pre-IELTS kurslariga start berildi. Shu bilan birga, yoshlarning startap loyihalarini ishlab chiqish, innovatsion g‘oyalar ustida ishlash va turli tanlovlarda faol ishtirok etish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir avvalida LUPIC xalqaro loyihasining rasmiy a’zosi, DEISC markazi koordinatori Go‘zal Eshchanova ishtirokchilarga markazning tashkil etilishi, faoliyati, asosiy maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi. U DEISC- Raqamli ta’lim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi yoshlar va keng jamoatchilik uchun raqamli ta’lim, zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va tadbirkorlik yo‘nalishlarini o‘rganish hamda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun yaratilgan muhim platforma ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, markazning Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti bilan hamkorlikda, LUPIC xalqaro loyihasi doirasida tashkil etilgani, koreyalik hamkorlarning ilg‘or tajribasi va zamonaviy ta’lim yondashuvlarini O‘zbekiston ta’lim muhitiga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi Raqamli soxalaridagi tashkilotlar tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning raqamli kompetensiyalarini shakllantirish, innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish, startap loyihalarini ishlab chiqish, xorijiy tillarni o‘rganish hamda xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng “Avtomatlashtirish va texnologik jarayonlarni boshqarish” kafedrasi katta o‘qituvchisi, DEISC Markazi assistenti  Aziz Nigmatov tomonidan startap loyihalarini ishlab chiqish, innovatsion g‘oyalar ustida ishlash hamda turli tanlovlarda faol ishtirok etish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimot davomida talabalarga innovatsion g‘oyalarni shakllantirish, ularni amaliy loyihalarga aylantirish, startap loyihalarini to‘g‘ri ishlab chiqish va tanlovlarda munosib ishtirok etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Shuningdek, avvalgi startap tanlovlarida erishilgan natijalar va amaliy tajribalar bilan ham o‘rtoqlashildi.

Tadbirning navbatdagi qismida Pre-IELTS kursi mashg‘ulotlari boshlandi.

Mashg’ulotni kafedra dotsenti G.Eshchanova olib bordi. Mashg’ulot  jarayonida talabalar ingliz tilining Reading, Writing, Speaking va Listening ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.

Mashg‘ulotlarning zamonaviy sharoitda tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilib, talabalardan Janubiy Koreyadan olib kelingan zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan DEISC markazidagi o‘quv xonasidan samarali foydalanildi.

Shuningdek, markazda koreys tili bo‘yicha dastlabki mashg‘ulot ham tashkil etildi. Dars davomida talabalarga koreys tilini o‘rganishning amaliy ahamiyati bilan bir qatorda, Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasidagi 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, Britaniya Kengashi, Keymyung Kollej Universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida imzolangan memorandum doirasida talabalar uchun yaratilayotgan xalqaro ta’lim imkoniyatlari tushuntirildi. Jumladan, tegishli xorijiy til sertifikatlariga ega bo‘lgan talabalar IELTS 6.0 va TOPIK 3 darajalarini qo‘lga kiritish orqali Janubiy Koreya hamda boshqa xorijiy mamlakatlarda ta’lim olish imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkinligi qayd etildi.

Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilar 11-korpusning 7-qavatida joylashgan Aziz Nigmatovning ofisiga tashrif buyurib, avvalgi startap tanlovlarida erishilgan yutuqlar va natijalar bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu jarayon talabalarni o‘z innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish, startap loyihalar ustida ishlash hamda mahalliy va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etishga yanada ruhlantirdi.

DEISC markazida yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur ta’lim va amaliy dasturlar talabalar uchun xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro ta’lim imkoniyatlaridan foydalanish, innovatsion fikrlash va startap ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Kelgusida koreys tili, Pre-IELTS va IELTS yo‘nalishlaridagi mashg‘ulotlar, shuningdek, startap va innovatsion loyihalar bo‘yicha amaliy faoliyatlarning izchil davom ettirilishi talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

DEISC markazi orqali yaratilayotgan ushbu imkoniyatlar yoshlarni til o‘rganish, xalqaro tajriba orttirish, innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etish va kelajakda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishish sari yangi qadamlar tashlashga undaydi.