O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

06.10.2026

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

Ushbu islohotning asosiy maqsadi mamlakatimizda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi darajaga olib chiqishdan iborat.

Shuningdek, ta’limning barcha turlari o‘rtasidagi o‘zaro uzviylik va bardavomlikni ta’minlash, maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha barcha bosqichlarni hamda ilmiy faoliyatni qamrab olgan yagona samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, uning jamoatchilik oldida hisobdorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

"Ta’lim sohasidagi bugungi yangilanishlarning asosiy mazmun-mohiyati nimada?" degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Prezidentimizning ikki vazirlikni birlashtirishdan ko‘zlagan asosiy g‘oyasi quyidagilardan iborat:

– Ta’lim va ilm-fan vazirligi barcha bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etishi va ularning operatsion jarayonlari uchun mas’ul bo‘lishi, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilashi, akkreditatsiyalash va litsenziyalash bilan shug‘ullanishi kerak;

– Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqadigan o‘ziga xos laboratoriya vazifasini bajarishi, ularni amaliyotga joriy etishi, natijalarini kuzatishi va aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirib borishi kerak. Bu ishlar Prezidentimiz belgilab bergan "o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti"ga tayangan holda olib boriladi;

– Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tashkil etiladigan alohida ishchi guruh yangi vazirlikning tuzilmasini ishlab chiqadi, ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda islohotning umumiy strategiyasini belgilaydi;

– oliy ta’limda davlat aralashuvini keskin qisqartirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish va nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratish lozim, qaysi oliygoh sifatli ta’lim berayotganini esa erkin raqobat va bozor talabi ko‘rsatishi kerak.