Mustaqillik maydoni va Motamsaro - ona haykaliga sayohat
29.09.2025

Joriy yilning 27-sentyabr kuni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti “Ekologiya va huquq” fakulteti 1-bosqich faol talabalari tyutor X.Saidova boshchiligida sayohat uyushtirildi.
Talabalar Mustaqillik maydonida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan bobolarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirishdi. Yurtdoshlarimizning jasorati, yurtga sadoqat, fidoyilik haqida qizg‘in suhbatlar olib borildi. Ularning ruhlarini yod etish, bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish muhimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Mustaqillik maydoni hududida joylashgan yodgorlik majmuasi — halok bo‘lganlar nomlari yozilgan xotira kitoblari, Mangu olov va markaziy figura — "Motamsaro ona" haykali — bu butun xalqning minnatdorchiligi mujassam bo‘lgan jamoaviy xotira makonidir.
1999- yilda yaratilgan haykal muallifi — O‘zbekiston xalq rassomi Ilhom Jabborov. Egik boshiga motam ro‘molini tashlagan ayolning bronza haykali o‘g‘illari urushdan qaytmagan barcha onalarning umumlashtirilgan obrazi sifatida namoyon bo‘ladi. U butun millat dard-hasratini ifodalaydi, oldidagi Mangu olov esa uning yuragidagi otash singari tinchlikning qiymati naqadar baland ekanini eslatib turadi.
Sayohat talabalarda Vatanga muhabbat, tarixiy merosimizga hurmat, ma’naviy yuksalish hissini mustahkamladi.
"Ekologiya va huquq" fakulteti tyutori X.Saidova axboroti
Universitet matbuot xizmati



