Ilmu fanni va jonu tanni uyg‘un bilgan ustoz
29.09.2025

Shunday ustozlar bo‘ladiki, ular bosiq, vazmin, mulohazakor, o‘z ishiga jiddiy va yuksak mas’uliyat bilan yondashadi, hamkasblari va shogirdlariga mehr muhabbatli va muruvvatli bo‘lishadi. Bugun so‘z yuritayotganimiz ana shunday insonlardan.
Ustoz... Bu so‘z zamirida ulkan ma’no mujassam. U nafaqat bilim beruvchi, balki hayotga yo‘l ko‘rsatuvchi, yosh avlodni tarbiyalovchi murabbiydir. 1-oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” MTUning faxrli professori Muhammadxon Xamidovning ilmiy-pedagogik yo‘li nafaqat shogirdlari balki, hamkasblari uchun ham ibratdir.
Muhammadxon aka o‘zining ko‘p yillik fidokorona mehnati bilan minglab shogirdlarga ilm-fan sirlarini o‘rgatib, ularning kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Uning darslari nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy ko‘nikmalarga ham boyligi bilan ajralib turadi. Professor Xamidov har bir talabaning qobiliyatini kashf etishga, ularni mustaqil fikrlashga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratadi.
Muhammadxon aka nafaqat mohir pedagog, balki o‘z sohasining yetuk olimidir. Uning irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy izlanishlari mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Professor Xamidovning ilmiy maqolalari va kitoblari nafaqat talabalar, balki soha mutaxassislari uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qilayotgani ayni haqiqat.
Ustoz Muhammadxon Xamidovning insoniy fazilatlari ham tahsinga sazovor. U doimo talabalar bilan samimiy munosabatda bo‘ladi, ularning muammolarini tinglaydi va yechim topishga yordam beradi. Uning mehribonligi, adolatliligi va talabchanligi talabalarning hurmatini qozongan. Professor Muhammadxon Xamidovning hayoti va faoliyati yosh avlod uchun ibrat maktabidir. U o‘zining bilim va tajribasini yoshlarga beminnat ulashib, mamlakatimizning kelajagi uchun fidokorona xizmat qilmoqda.
Ularning hayot yo‘liga birrov nazar tashlash chinakam olimning va pedagogning fenomenini yaqqolroq tasavvur qilishga imkon tug‘diradi.
Xamidov Muxammadxon 1958 yil 1 fevralda Toshkent shahrida xizmatchi – oilasida tug‘ilgan. Otasi – Polsaidov Xamid Kurbonovich 1995 yilda, onasi - Polsaidova Maxfirat Axmedjanovna 2013 yilda vafot etgan.
1964 - 1974 yillarda Toshkent shahar Mirobod tumanining 213 – sonli o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tugatgan.
Xamidov M. 1979 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti (TIQXMII) ning “Gidromelioratsiya” fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgandan so‘ng, Davlat imtihon hay’ati qaroriga binoan aspiranturada o‘qishga qoldirildi. 1980-1982 yillarda sobiq Butunittifoq paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutida “Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik” mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturada o‘qigandan so‘ng, TIQXMIIda o‘z mehnat faoliyatini boshladi. Avval EGM-5 soha ilmiy laboratoriyasi mudiri, 1983 yildan “Qishloq xo‘jaligi melioratsiyasi” kafedrasi assistenti, 1985 yildan nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagandan so‘ng, shu kafedra dotsenti, institutning sirtqi bo‘lim dekani, 1992 yilning mart oyidan Irrigatsiya muhandislari tayyorlash o‘quv-ilmiy markazi (IMTO‘IM) prorektori va ushbu markaz 1996 yildan “Gidromelioratsiya” fakultetiga aylantirilgandan so‘ng shu fakultet dekani, TIKXMII 2004 yildan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (TIMI) ga aylantirilgandan so‘ng, shu institutning “Gidromelioratsiya” fakulteti dekani, 2010 yildan institutning Buxoro filiali ochilgandan so‘ng, Filialning direktori, 2013 yildan TIMI ning rektori va 2017 yildan “TIKXMII” MTU professori lavozimida ishlab kelmoqda.
1985 yilda nomzodlik va 1980-1992 yillarda olib borgan ilmiy izlanishlar natijalari bo‘yicha 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqladi va unga qishloq xo‘jalik fanlari doktori, 1996 yilda professor ilmiy darajasi berildi. M. Xamidov qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish, sug‘oriladigan yerlarni gidromodul rayonlashtirish, ekinlarni suv tejamkor sug‘orish tartiblari va texnologiyalari hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yo‘nalishida o‘zining maktabini yaratgan. U 300 dan ortiq ilmiy maqolalar va uslubiy ishlarning muallifi, jumladan, 11 ta ilmiy monografiya, 16 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop etgan. Uning 36 ta ilmiy maqolalari “Scopus” va 9 ta maqolasi “Web of Science” bazalaridagi xalqaro ilmiy jurnallarda, jumladan 6 tasi Q1 kvartilli jurnallarda chop etilgan (h-index-14). 3 ta ixtiroga patent va 10 ta ishlanmalarga mualliflik guvohnomasi olgan. Uning rahbarligida 15 ta fan nomzodi va PhD lar hamda 7 ta fan doktori va Ds lar tayyorlangan.
M.Xamidov tomonidan taklif etilgan suv tanqisligi sharoitida yer osti suvlaridan samarali foydalanish - “subirrigatsiya” sug‘orish usuli, tuproq sho‘rlanishiga qarshi “fitomelioratsiya” tadbirlari, qishloq xo‘jaligi ekinlarining ilmiy asoslangan sug‘orish tartiblari, kollektor-zovur suvlaridan sug‘orishda foydalanishning yangi biotexnologiyasi va suv tejamkor sho‘r yuvish texnologiyasi Respublikamizda iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligini salbiy oqibatlarini yumshatishda qo‘llanilmoqda.
M. Xamidov raxbarligida birinchi marta katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan yangi istiqbolli ilmiy yo‘nalish - Geografik axborot tizimlari (GAT) texnologiyasidan foydalanib, sug‘oriladigan yerlarni gidromodul rayonlashtirish asoslari yaratildi. GAT texnologiyasi asosida gidromodul rayonlashtirish elektron xaritalarini tuzish uslubiyati hamda ilk bor yuqori aniqlikda O‘zbekiston Respublikasi sug‘oriladigan yerlarining gidromodul rayonlashtirish Atlasi ishlab chiqildi.
M.Xamidovning tashabbusi bilan Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Ispaniya va b. davlatlarining nufuzli universitetlari va ilmiy markazlari bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, talabalar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning xalqaro mobilligi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu hamkorlik natijasida so‘nggi davrda universitetimizda 10 ga yaqin xalqaro ilmiy va ta’lim loyihalari bajarilmoqda. Bu loyihalar doirasida 17 nafar doktorantlar va 22 nafar pedagoglar bu davlatlarning universitetlarida o‘z tadqiqotlarini bajarishdi va malakalarini oshirishdi, 3 nafar doktorantlarimiz Berlin, Lill va Lund universitetlarida PhD dissertatsiyalarini himoya qilishdi.
M. Xamidov o‘zining so‘nggi 3 yilda davlat ilmiy texnika dasturlari doirasidagi 2 ta davlat grantlarida va 3 ta xalqaro ilmiy grantlarda rahbar va koordinator, 4 ta xo‘jalik shartnomalarida mas’ul bajaruvchi bo‘lib ishtirok etgan. Ushbu loyihalar doirasida universitetning ilmiy va o‘quv laboratoriya bazasini mustahkamlash maqsadida 30 ga yaqin yuqori aniqlikdagi raqamli chet el laboratoriya jihozlari keltirildi va “Mobil melioratsiya laboratoriya”si yaratildi.
M.Xamidov asosiy vazifasidan tashqari jamoat ishlarida ham faol qatnashadi. U O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (agentligi) qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi va atrof muhit muhofazasi fanlari” ITK ning raisi ( 2020-2021 va 2022-2023 yy), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Ekspertlar kengashi a’zosi, “TIQXMMI” MTU va PSUYEAITI qoshidagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar a’zosi, “TIQXMMI” MTU ning ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashi qoshidagi ilmiy seminar raisi, “TIQXMMI” MTU ning ilmiy kengashi a’zosidir.
M. Xamidov irrigatsiya va melioratsiya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qishloq va suv xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlarda faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Respublikasining “Shuhrat” medali va Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni va ilm-fan sohasidagi Xalqaro Iqtisodiy Hamkorlik tashkiloti (Tehron) ning Oltin medaliga sazovor bo‘lgan.
Fursatdan foydalanib, professor Muhammadxon Xamidovni "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" bilan yana bir bor tabriklaymiz. Unga uzoq umr, sihat-salomatlik va yangi ilmiy yutuqlar tilaymiz. Ustozning shogirdlari safi yanada kengayib, mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishiga tilakdoshmiz.
Rahimboy Jumaniyozov, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi







