Do‘stlik va totuvlik tarannumi Turkmaniston Mustaqilligi kunida

29.09.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti Yer resurslari va kadastr fakulteti "Biologiya" yo‘nalishi talabalari tashabbusi bilan joriy yilning  27- sentyabr kuni Turkmaniston Mustaqilligi kuni munosabati bilan  tantanali ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

  Tadbirning badiiy qismi barchaga alohida ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Turkman talabalari milliy liboslarda – «qo‘sh tepdi», «la’li» kabi go‘zal  milliy raqslari bilan yig‘ilganlarga unutilmas bayramona kayfiyat ulashdilar. Sahnada O‘zbekiston va Turkmaniston madhiyalari yangradi, milliy kuy-qo‘shiqlar esa tantanaga o‘zgacha fayz qo‘shdi.

  Ustoz va talabalar so‘zga chiqib, mustaqillikning bebaho qadri, millatlararo totuvlik va qardoshlik rishtalarining mustahkamligi haqida fikr yuritdilar. Badiiy chiqishlar, samimiy nutqlar va musiqiy sahnalar uyg‘unlashib, tadbirga o‘ziga xos badiiy jilva bag‘ishladi.Tadbirning tashkil etilishi  ayniqsa Turkmanistonlik talabalar uchun katta taassurot bo‘ldi. Ular bunday e’tibor va samimiy mehrdan quvonib, o‘z minnatdorliklarini izhor etdilar.

  Bu tadbir ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, do‘stlik va totuvlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yer resurslari va kadastr fakulteti tyutori Abdullayeva Oliya axboroti

Universitet matbuot xizmati