Energetika fakultetida innovatsion uchrashuv

30.09.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Joriy yilning 29-sentyabr kuni V bino 8-ma’ruzalar zalida 1-bosqich talabalari uchun Energetika fakultetida “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi, innovatsion g‘oyalar yetakchisi, “Ko‘krak” nishoni sohibi, 10 dan ortiq loyiha, startaplar rahbari, 2 marta Prezident stipendiya sohibi, yana ko‘plab tanlovlar g‘olibi va fakultet faxri E’zozbek Ozodov bilan talabalarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. E’zozbek Ozodov o‘z chiqishida “Yaroqsiz suvlarni tozalash raqamli uskuna” loyihasi haqida so‘z yuritdi. Mazkur uskuna samaradorligi bilan xorijiy mutaxassislarning ham e’tiborini tortgan bo‘lib, bugungi kunda uni qo‘llab-quvvatlash uchun nafaqat respublika miqyosida, balki AQShdagi yirik korxonalardan ham moliyalashtirish imkoniyatlari shakllanmoqda. Ushbu loyiha xalqaro darajada tan olingani talabalarga katta ilhom berdi. Shuningdek, u o‘z nutqida startap yaratish jarayonlari haqida batafsil to‘xtaldi. G‘oyani konseptdan real loyihaga aylantirish, prototip yaratish va uni bozorga olib chiqish yo‘llari haqida amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Talabalarga grant dasturlari, xususiy investitsiyalar hamda xalqaro hamkorlik orqali moliyalashtirish imkoniyatlarini keng ko‘rib chiqish zarurligini uqtirdi. E’zozbek Ozodov ta’kidlaganidek, aynan universitetning o‘zi yoshlar uchun keng imkoniyatlar maydonidir. Fakultet laboratoriyalari, ilmiy rahbarlarning doimiy ko‘magi, davlat va xalqaro grant dasturlari bilan bir qatorda, talabalar uchun har yili o‘tkaziladigan “Intellekt” tanlovi startap va yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishda katta poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Uchrashuv so‘ngida u talabalarga aniq maqsad qo‘yish, qat’iyat bilan unga intilish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda innovatsion tafakkurni rivojlantirish zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish bugungi kun muhandisining eng muhim sifati ekanini eslatib o‘tdi. Energetika fakultetidagi ushbu uchrashuv talabalarda nafaqat bilim, balki yangi g‘oyalar va orzular sari dadil qadam tashlash ruhini ham uyg‘otdi. 

“Energetika” fakulteti tyutori B.Abdullayev axboroti

Universitet matbuot xizmati