Ustozlik maqomi
30.09.2025

Har bir inson hayotida o‘z izini qoldiradigan, kelajagiga yo‘l ochadigan ustozlar bo‘ladi. Ularning o‘rni, rutbasi baland bo‘ladi. Ana shunday nisbatga xos bo‘lgan ustozlardan biri – “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institut” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti, Muratov Ashirbek Raximovichdir. U o‘zining bilimdonligi, orifligi, talabalarga bo‘lgan mehr-muhabbati bilan ko‘plab shogirdlarning qalbidan joy olgan.
Ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat uni yuksaltirgani rost. Muratov Ashirbek Raximovich o‘zining ilmiy faoliyati davomida irrigatsiya va melioratsiya sohasiga oid ko‘plab tadqiqotlar olib borgan. Uning ilmiy ishlari nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham e’tirof etilgan. Uning shogirdlari bugungi kunda respublikamizning turli sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Ustoz Muratov nafaqat bilimdon olim, balki talabalar uchun g‘amxo‘r ustoz hamdir. U har bir talabaning qobiliyatini, intilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Talabalarga o‘z bilimlarini o‘rgatish bilan birga, ularga hayot saboqlarini ham beradi. Uning darslari qiziqarli va mazmunli bo‘lib, talabalarda o‘z sohasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.
Oriflik fazilatlari mujassam bo‘lgan ustoz Muratov Ashirbek Raximovich nafaqat o‘z sohasining bilimdoni, balki chin ma’noda donishmand, orif inson hamdir. U adolatli, halol, mehribon va kamtarin inson sifatida talabalarning hurmatiga sazovor bo‘lgan. Uning har bir so‘zi, har bir harakati talabalarga ibrat bo‘ladi. Ashirbek Muratovning orifligi uning talabalar bilan muloqotida, ularga bo‘lgan munosabatida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Professor Muratov Ashirbek Raximovich - o‘z kasbining fidoyisi, bilimdon va orif ustoz. Uning hayoti va faoliyati yosh avlod uchun ibrat maktabidir. Uning shogirdlari o‘z ustozining bilimlarini, tajribasini o‘zlashtirib, respublikamiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishiga ishonamiz.
Ashirbek akaning tinimsiz kitob o‘qishi, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borishi va kasbdoshlarini ham yangiliklardan xabardor qilishga intilishi haqida batafsil ma’lumot berish maqsadga muvofiqdir.
U tinimsiz ravishda yangi kitoblar o‘qiydi, ilmiy jurnallarni kuzatib boradi. Ayniqsa, irrigatsiya, melioratsiya, suv resurslari va ekologiya sohalariga oid yangi tadqiqotlar bilan qiziqadi. Uning shaxsiy kutubxonasi turli xil adabiyotlarga boy bo‘lib, unda o‘zbek, rus va ingliz tillarida kitoblar mavjud.
Zamonaviy texnologiyalarga qiziqish uning faoliyatining uzviy bir qismi. Ashirbek Muratov zamonaviy texnologiyalardan ham ortda qolmaydi. U ijtimoiy tarmoqlarni faol kuzatib borish asnosida sohadagi yangiliklardan xabardor bo‘lib turadi. Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar bilim almashish, tajriba o‘rtoqlashish va o‘zaro muloqot qilish uchun qulay platformadir.
Ashirbek Muratov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida sohadagi yangiliklar, ilmiy maqolalar va konferensiyalar haqida ma’lumotlar ulashadi.
U doimo kasbdoshlari bilan o‘z bilimlarini, tajribasini o‘rtoqlashadi. Uning tashabbusi bilan universitetda turli xil ilmiy seminarlar, konferensiyalar va davra suhbatlari tashkil etilgan.
Tabiiyki, bunday rutbaga va nufuzga ega bo‘lish uchun o‘ziga xos ilmiy-pedagogik omil va ustozning hayot yo‘li bilan qiziqish joiz.
Mana, hayot faoliyati va ta’limiy jarayon.
Ashirbek aka 1955 yilda tug‘ilgan. 1972 yilda o‘rta maktabni tamomlab, shu yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutiga (TIQMMI) o‘qishga kirgan.1977 yilda mazkur institutning “Gidromelioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplomli “Injener–mexanik” malakasiga ega bo‘lgan. 1977-1982 yillarda TIQXMMI ning assistenti, kunduzgi aspirantura bo‘limida tahsil olgan. 1982-2001 yillarda TIQXMMIning «Gidromelioratsiya ishlarini tashkil qilish va texnologiyasi» kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchisi, PhD (texnika fanlari nomzodi) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, dotsent unvoniga erishdi. Mehnat faoliyati davomida TIQXMMI da yangi “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” (SXvaMIM) ta’lim yo‘nalishi DTS ishlab chiqishda tashabbuskor guruh rahbari, «Irrigatsiya va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash fakulteti dekani (2001-2004 y.y.), TIMI dotsenti (2005-2012 y.y.), «Suv xo‘jaligini avtomatlashtirish va mexanizatsiyalash» fakulteti dekani (2013-2017 y.y.) bo‘lgan va 2022 yil mart oyidan hozirgi kungacha TIQXMMI MTU «Qurilishni tashkillashtirish va texnologiyasi» kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.
Ilmiy-tadqiqot ishlar yo‘nalishi bo‘yicha, suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash sohasida: irrigatsiya tizimlarida suv shimilishiga qarshi yig‘ma temir-beton konstruksiyalar tayyorlash yangi texnologiyalarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy qilish, zax qochirish tizimlari kollektorlari, drenajlarini ta’mirlash tiklash ishlarini kompleks mexanizatsiyalash va texnologik jarayonlarini optimallashtirish sohasida ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan. Natijada, sug‘orish tizimlarida qo‘llaniladigan novlar (lotoklar) va boshqa keng nomenklaturadagi yig‘ma temir-beton konstruksiyalarni tayyorlash yangi «ko‘p parametrli modullashtirilgan to‘lqinli» texnologiyalari TIQXMMI MTUda yaratildi va 36 obyektda (shu jumladan MDH davlatlaridan Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston) ishlab chiqarishga joriy qilingan. Mustaqillikdan keyin yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan qator qarorlarida ko‘rsatilgan, O‘zbekistonga chet ellardan sotib olib kelinadigan meliorativ texnikalarga (shu jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanganlariga) texnik va texnologik talablar, ulardan real sharoitlarda ishlar bajarish uchun foydalanish ishlab chiqarish me’yorlari, ishlari sifatini nazorat qilish va obyektlarni ekspluatatsiyaga qabul qilish qoidalari va boshqa me’yoriy, metodik hujjatlar yaratilgan, ishlab chiqarishga joriy qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.11.2017 y., PQ-3405 sonli, 2017 yil 29 oktyabrdagi «Irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan dasturi» to‘g‘risidagi qarorlarida keltirilgan vazifalarni bajarish uchun «ilm- ishlab chiqarish-ta’lim integratsiyasi» dasturlari doirasida mavzular rahbari, mas’ul bajaruvchisi sifatida ishtirok qilib ITI da olingan natijalarni PF№ 4732 - sonli “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlashda “Irrigatsiya va melioratsiya” va “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” yo‘nalishlari pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kursi trener o‘qituvchisi hamda kafedra dotsenti sifatida institut bakalavriat, magistraturada tizimlarida malakali kadrlar tayyorlashda qo‘llab kelmoqda.
A. R. Muratov 200 dan ortiq ilmiy-metodik ishlar, jumladan 10 ta ixtirochilik guvohnomasi, 2 ta darslik, 5 ta o‘quv qo‘llanma, bir necha ilmiy-amaliy ishlanmalar – tavsiyalar va qator dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Uning rahbarligida uchta magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Uning rahbarligida kafedradagi qator fanlarining namunaviy va ishchi o‘quv dasturlari TIQXMMI MTU da, ISMITI va QXMEI da hamda institutda bajarilgan ilmiy tadqiqotlar yutuqlari asosida yangilandi va o‘quv-uslubiy manbalar elektron shakllari yaratildi.
2025 yil boshidan A.R.Muratov rahbarligida patentlangan va Farg‘ona vodiysidagi tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan kovsh-o‘rgich (kovsh-kosilka) Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi, Andijon, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari meliorativ ekspeditsiyalari ochiq kollektorlari va drellarini dag‘al poyali o‘simliklardan o‘rib tozalashga innovatsion texnologiya sifatida joriy qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2023-2025 yillarda Saudiya Arabistoni “Metito Utilities Limited” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyatidagi Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi “Nasos Stansiyalari va Energetika boshqarmasi” ga qarashli 28 ta nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga olish loyihasi texnik direktori bo‘lib ishlagan.
U uzoq muddat Institut Ilmiy-metodik Kengashi a’zosi, fakultet metodik kengashi raisi, hozirda esa a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. A. R. Muratov zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanishni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lib, doimiy ravishda bu boradagi bilimlarini takomillashtirib bormoqda, har yili BIIM qoshidagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etiladigan trenerlik kurslari”da muvaffaqiyatli qatnashib yangi axborot texnologiyalarini birinchilar qatorida qo‘llab, dars jarayonida, talabalar bilan ishlashda, talabalarning bilimini baholashda samarali foydalanmoqda.
Muratov A.R. rahbarligida 45 yildan ortiq davr mobaynida davlat grantlari (8 ta mavzuda rahbar, 3 ta mavzuda mas’ul bajaruvchi) va xo‘jalik shartnomalari (42 ta mavzu rahbari) asosida ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilib kelinmoqda. Ushbu ishlarga iqtidorli talabalar va magistrantlar muntazam ravishda jalb qilinganlar va ular o‘zlarining bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar materiallari asosida bajarib kelmoqdalar. Muratov A.R kafedra tomonidan talabalar akademik guruhlarida va turar joylarida katta hajmda tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar o‘tkazilishida faol ishtirok etib kelmoqda. A. Muratov kafedra, fakultet va institut jamoat ishlarida uzluksiz ishtirok etishi bilan ajralib turadi.
A. Muratov mas’uliyatni his qiluvchi, har bir vazifani o‘z vaqtida bajaruvchi, fikrini ochiq aytuvchi, jamoa va talabalar o‘rtasida yuqori hurmatga erishdi, unga 1996 yilda unga «Xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvoni berilgan hamda muvaffaqiyatlari uchun institut rahbariyati tomonidan tegishli moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishlarga sazovor inson.
A.R. Muratov 2000 yili AQSh hukumati Qishloq xo‘jaligi departamenti granti bilan «Suv tanqisligi sharoitida irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini boshqarish» yo‘nalishi bo‘yicha Kaliforniya shtati universitetida malaka oshirgan.
Hozirgi kunda bir necha bor yetakchi ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv muassasalarida hamda “Funded bu Schweizerische Eidgenossenschaft “ investitsiya dasturlarida o‘zining malakasini oshirib kelmoqda.
Ashirbek Muratov Osiyo taraqqiyot bankining yuqori reytingli konsultantlar ro‘yxatiga kiritilgan hamda uzluksiz ravishda, suv xo‘jaligi qurilishi bo‘yicha konsultant sifatida proyektlarda ishtirok qilishda davom etmoqda.
2025 yil boshidan A.R.Muratov rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli “Suv xo‘jaligida islohotlar markazi” bilan “Yopiq gorizontal drenaj tizimini ta’mirlash tiklash ishlari idoraviy normativlarini ishlab chiqish” mavzusida hamda“Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti” bilan “Irrigatsiya tarmoqlarida ep ishlarini bajarish uchun zamonaviy texnikalarni qo‘llagan holda ish turi va mehnat sarflari bo‘yicha normativ ishlab chiqish” mavzusida xo‘jalik shartnomalari bajarilib kelinmoqda
Ashirbek Muratovning hayoti va faoliyati yosh avlod uchun ibrat maktabidir. Uning bilimga chanqoqligi, mehnatsevarligi, adolatliligi va kamtarligi talabalarga o‘rnak bo‘ladi. Professor Muratovning shogirdlari o‘z ustozining bilimlarini, tajribasini o‘zlashtirib, respublikamiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishiga ishonamiz.
Ashirbek Raximovich, Sizni universitetimiz jamoasi nomidan bugungi qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etamiz! Sizning fidokorona mehnatingiz, bilimdonligingiz va ustozlik mahoratingiz tufayli ko‘plab shogirdlar yetishib chiqdi. Sizning rahbarligingiz ostida jamoamiz katta yutuqlarga erishdi. Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt va kelgusi ish faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Rahimboy Jumaniyozov, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi







