“O‘qituvchi va Murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbir

30.09.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Rektordan

O‘qituvchi va murabbiy – jamiyatning eng e’zozli, hurmatga sazovor vakillaridan biridir. Ustozlar yosh avlodni tarbiyalash, bilim berish va ularni kelajakda munosib inson bo‘lib kamol topishlarida o‘z bilim va tajribalarini ayamaydilar. Shu bois ustozlik – sharafli va mas’uliyatli kasb hisoblanadi.


Yurtimizda 1-oktabr – O‘qituvchi va Murabbiylar kuni alohida ehtirom bilan keng nishonlanadi. Ana shu munosabat bilan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida ham bayramga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, murabbiylar hamda talabalar ishtirok etdilar.


Tadbir “Mehr nuri yog‘ar doim yuzingizdan ustozlar” nomli qo‘shiq bilan boshlandi. So‘ngra universitet rektori, professor Bahodir Mirzayev so‘zga chiqib, o‘qituvchi va murabbiylarni kasbiy bayramlari bilan qizg‘in tabrikladi. Rektor o‘z nutqida ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yosh avlodni tarbiyalashdagi yuksak mas’uliyati haqida alohida to‘xtaldi.


Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Jo‘rayevich universitet jamoasini bayram bilan qutlab, ustozlarga samimiy tilaklarini izhor etdi.


Tadbir davomida uzoq yillar davomida fidokorona mehnat qilib, yosh avlod tarbiyasida katta hissa qo‘shgan bir guruh professor-o‘qituvchilar va murabbiylar faxriy yorliqlar hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Jumladan:


 - “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishoni – 7 nafar ustozga;


 - “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni – 10 nafar ustozga;


 - Universitet ko‘krak nishoni – 17 nafar ustozga;


 - Universitet faxriy yorlig‘i – 43 nafar ustozga topshirildi.


 - Bundan tashqari, faoliyati davomida yuksak natijalarga erishib kelayotgan yosh o‘qituvchilar ham rag‘batlantirildi.


Tadbirning ma’rifiy qismida talabalar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi taqdim etildi. Unda milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar va she’rlar ijro etilib, ustozlarga bo‘lgan hurmat va ehtirom ifodalandi. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevaning ishtiroki va ijrosi barchada unutilmas taassurot qoldirdi.


Tadbir yakunida rektor Bahodir Mirzayev barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, ustoz va murabbiylarga kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi va barchada iliq taassurot qoldirdi.