Yevrosiyo-Tinch okeani universitetlari tarmog‘i prezidenti “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurdi

02.10.2025

#Xalqaro hamkorlik #Yangilik

  2025-yil 27-sentyabr kuni Yevrosiyo-Tinch okeani universitetlari tarmog‘i (Eurasia-Pacific Uninet, EPU) prezidenti, Zalsburgdagi Paris-Lodron universiteti akademigi va professori Jozef Shtrobl “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurdi.

  Rasmiy uchrashuvda “TIQXMMI” MTU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Shuhrat Shokirov, Davlat kadastrlari kafedrasi mudiri Zohid Mamatqulov hamda Namangan davlat texnika universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Ilxom Abduraxmanov ishtirok etdi.

  Muzokaralarda “TIQXMMI” MTUning EPU tarmog‘idagi ishtirokini yanada kuchaytirish, xalqaro loyihalarda faol qatnashish va Namangan davlat texnika universitetining EPU tarmog‘iga yangi a’zo sifatida qo‘shilish masalalari muhokama qilindi.

  Uchrashuvdan so‘ng, professor Shtrobl Erasmus+ "DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura" loyihasi doirasida tashkil etilgan "Geoinformatika" qo‘shma tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdi. U markazda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot oldi, tayanch doktorant va tadqiqotchilar bilan uchrashib, geoinformatika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berdi.