Monitoring jarayoni: LUPIC loyihasi doirasida Keymyung Kollej Universiteti delegatsiyasining universitetimizga tashrifi

29.04.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

2026-yil 24-aprel kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti vakillari professor Lee Sungha va Kim Yelim tashrif buyurishdi. Tashrif xalqaro LUPIC (Leading Universities Program for International Cooperation) loyihasi doirasidagi monitoring jarayoni doirasida amalga oshirildi.

Monitoring davomida mehmonlar universitetda Kasbiy Ta’lim Yo‘nalishi uchun ajratilgan ikki qavatli bino, shuningdek DEISC (Digital Education Innovation Support Centre) markazi faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, Mexatronika texnikumi va laboratoriyalarning holati, olib borilayotgan ta’mirlash va modernizatsiya ishlari ham ko‘zdan kechirildi.

Monitoring jarayonida “Capacity Building Project” doirasidagi ishlar taqdim etildi. Mazkur loyiha Janubiy Koreyaning ODA granti asosida moliyalashtirilgan bo‘lib, umumiy byudjeti 1 milliard 666 million KRW (2024–2029) ni tashkil etadi. 2025–2026-yillar uchun 400 million KRW ajratilgan.

Loyiha doirasida quyidagi yutuqlar qayd etildi:

  • Mexatronika texnikumi va DEISC markazi uchun 157 500 000 KRW qiymatidagi kompyuter va uskunalar Janubiy Koreyadan olib kelinib, foydalanishga topshirildi
  • Xalqaro trening va malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda
  • GSK stipendiyasi asosida universitetning 2 nafar magistr talabasi Keimyung College Universityda 6 oylik stajirovkaga qabul qilindi
  • Mexatronika va DEISC yo‘nalishlari bo‘yicha 10 ta darslik Koreya va O‘zbekiston hamkorligida chop etildi
  • Scopus va xalqaro ilmiy maqolalar hammualliflikda nashr etildi
  • Konferensiya va forummlar muntazam tashkil etilmoqda
  • Global Students Technical Program doirasida joriy yilning dekabr oyida universitetimiz va Keymyung kollej universitetdan ning 25 nafar talaba ishtirokida Samarqand shahrida xalqaro dastur o‘tkazildi

Monitoring jarayonida dotsent Go‘zal Eshchanova delegatsiyaga loyiha doirasida amalga oshirilgan barcha ishlar, binoning ta’mirlash jarayonlari hamda Koreyadan keltirilgan uskuna va kompyuterlarning mutaxassislar tomonidan o‘rnatilishi va ishga tushirilishi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tashrif yakunida koreyalik ekspertlar loyiha doirasida erishilgan natijalarni ijobiy baholab, hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.